“ADABIYOTGA E’TIBOR-MA’NAVIYATGA, KELAJAKKA E’TIBOR” SHIORI OSTIDA VILOYATIMIZDA “KITOB BAYRAMI” TADBIRLARI O‘TKAZILMOQDA
01.06.2016
An’anaviy tarzda tashkil etilayotgan "Kitob bayrami”ning keng qamrovli tadbirlarida viloyatimizning shahar va tumanlaridan turli kasb, turli yoshdagi eldoshlarimiz, keng jamoatchilik vakillari katta qiziqish bilan qatnashmoqdalar.
Bayram doirasida viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazida "Kitob-millatning bebaho madaniy va ma’naviy merosi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda ilm-fan, adabiyot, sanoat, madaniyat namoyandalari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok qildilar.
Viloyat hokimining o‘rinbosari X.Otaxonov anjumanning ochilish tadbirida qatnashdi va so‘zga chiqdi.
Anjumanda viloyat matbuot va axborot boshqarmasining boshlig‘i D.Bekchonova so‘zga chiqib, aholining, ayniqsa yoshlarning dunyo-qarashini yanada kengaytirish, ularni yuksak maonaviy-axloqiy ruhda tarbiyalash hamda ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini, bu borada kitobning o‘rni va ahamiyatini oshirish, yoshlarni ona Vatanga, milliy adabiyotga yuksak muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, shu bilan birga akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida, oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, yozuvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish borasida keng miqyosda amaliy ishlar olib borilayotganligiga to‘xtaldi.
Anjumanda Urganch Davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi M.Pirnazarova "Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda”, "Xorazm haqiqati” va "Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri vazifasini bajaruvchi S.Rahimberganova "Ommaviy axborot vositalarida kitob targ‘ibotining yo‘lga qo‘yilishi”, "Oltin meros” xalqaro hayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari K.Nurjonov "Avesto” kitobining jahon tsivilizatsiyasidagi roli”, "Xorazm” nashriyoti direktori B.Bekmetov "Kitobning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni”, viloyat axborot-resurs markazi direktori o‘rinbosari G.Sobirova "Kutubxona - bebaho ma’naviy xazina” mavzularida ma’ruza qildilar.
- Oilamiz a’zolari bilan kitob o‘qishga juda qiziqamiz. Uyimizda o‘zimizning kutubxonamiz ham bor. Har yili "Kitob bayrami”da qatnashib, yangi kitoblar xarid qilamiz. Sevimli yozuvchilar, shoirlar bilan uchrashamiz, - deydi yosh kitobxon Sevara Bekturdieva. - O‘tkazilayotgan anjumanlar, uchrashuvlar menda chuqur taassurot qoldirmoqda.
("Kitob bayrami” tadbirlari to‘g‘risidagi materiallar gazetaning navbatdagi sonida chop qilinadi.)
O‘z muxbirimiz.
"Xorazm haqiqati” 2016 yil 28 may № 43 (19285)