ERKIN IQTISODIY ZONA: SOLIQ SOHASIDA YANGI IMKONIYATLAR
Ayni kunda mamlakatimizda
iqtisodiyotni rivojlantirish, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash,
sohada tarkibiy o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga alohida e’tibor
qaratilmoqda. Bu borada Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi "Urgut”, "G‘ijduvon”, "Qo‘qon” va "Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni viloyatlarda iqtisodiy salohiyatni yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan,
mazkur farmonning amaliyotga tatbiq etilishi oziq-ovqat, engil sanoat, qishloq
xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish,
mashinasozlik va avtomobilsozlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida
samarali mehnat qilayotgan hazorasplik tadbirkorlar uchun ngi imkoniyatlar eshigini
ochib berdi.
Xorazm viloyatining Hazorasp
tumani Pitnak shahrida tashkil etilgan "Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining
er maydoni 414 gektarni tashkil qilib, bu erda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni
standartlashtirish, sertifikatlashtirish va xalqaro darajada markirovka qilish,
eksportga yo‘naltirish bo‘yicha "Xorazm sinov va sertifikatlashtirish markazi”
DK tomonidan ilmiy ishlab chiqarish markazi ham o‘z faoliyatini boshladi. Zona
hududida 87,5 mln. dollarga teng jami 35 ta loyiha amalga oshirish
belgilab olingan bo‘lib, ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida kir yuvish
mashinalari, bir martalik meditsina qo‘lqoplari, changyutkich (pыlesos), "Damas”
va "Labo” avtomashinalari uchun extiyot qismlari kabi eksportbob, import
o‘rnini bosuvchi mahsulotlar va yuqori qo‘shilgan qiymatli trikotaj mahsulotlari
ishlab chiqarilishi, 6,2 mln. dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi
hamda 1708 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Xususan, bu erda faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlik
sub’ektlariga soliq to‘lovlari va bojxona
sohasida turli imtiyoz va qulayliklar yaratilgan bo‘lib, ular faoliyati davrida
soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod
qilinishi belgilab berilgan. Ya’ni erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari
investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida texnologik uskunalar,
materiallar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni olib kirishda taqdim etilgan
soliq va bojxona imtiyozlari to‘g‘ri qo‘llanilishi, ularga farmonda ko‘zda tutilgan
soliq imtiyozlarini yaratib berish soliq xizmati organlariga katta mas’uliyat
yuklaydi.
Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan "Xazorasp” erkin
iqtisodiy zonasi faoliyatida soliq sohasiga oid masalalarni tezkor hal qilish
to‘g‘risida tegishli choralar amalga oshirilmoqda. Jumladan, soliq imtiyozlaridan
foydalanishda, ularni rasmiylashtirishda sansolarlikka yo‘l qo‘ymasdan, zona hududida
faoliyatini boshlagan tadbirkorlik sub’eklariga soliq to‘lovlarida yaratilgan
interaktiv xizmatlardan oqilona foydalanish uchun amaliy seminarlar, ochiq
muloqotlar tashkil etilmoqda.
Kuni kecha Xorazm viloyati Xazorasp tumani Pitnak qishlog‘i, Obod
mahallasida "Xazorasp” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi sanalgan "PITNAK
PANEL” MChJ qo‘shma korxonada tashkil etilgan davra suhbatida ham viloyat davlat
soliq boshqarmasi mutaxassislari ishtirok etib, mazkur qo‘shma korxonaning faoliyati
davomida soliq to‘lovlari bilan bog‘liq masalalarga oid savollarga javob olindi.
-"PITNAK PANEL” MChJ shaklidagi qo‘shma korxonasi (Xitoy) tomonidan "Sanoatqurilishbank” viloyat
filiali balansida bo‘lgan, faoliyat ko‘rsatmayotgan eski "Hazorasp Ruf” MChJning
binosi
2,6 mld. so‘mga sotib olinib, ushbu bino negizida 3,6 mln. dollar investitsiya
kiritish hisobiga sendvich panellarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish
ishlari boshlab yuborilgan. Xususan, bugungi kungacha korxona tomonidan 1,3 mln.
dollarlik xorijiy investitsiyalar (Xitoy tomonidan) jalb qilindi. Yaqin
kunlarda mazkur qo‘shma korxona tomonidan dastlabki mahsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan,
- deydi "Hazorasp” erkin iqtisodiy zona direktsiyasi” davlat unitar korxonasi
direktori Anvar Davletov.
Endilikda erkin iqtisodiy zonada qishloq
xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, qadoqlash, to‘qimachilik, poyabzal va
charm-galantereya, kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati,
mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari kabi qator yo‘nalishlarda
zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etiladi. Ushbu hududda ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali
foydalanish, shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, pirovardida aholini
barqaror daromad manbai bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada taraqqiy topishiga, aholini barqaror daromad bilan ta’minlashga hamda xalqimiz turmush
farovonligini yanada yaxshilash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Dilrabo Kuryazova
Xorazm viloyati Davlat soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i