Gerb Bayroq Madhiya Davlat mukofotlari Bosh sahifa Mobil versiya Sayt xaritasi Forum
Хоразм вилоят хокимлиги расмий веб сайтига хуш келибсиз!   Click to listen highlighted text! Хоразм вилоят хокимлиги расмий веб сайтига хуш келибсиз!
Матнни тинглаш!
0(362) 223-00-18
Ish tartibi 900 - 1800
  • xorazm.uz

    Yurtboshimizning tabiri bilan aytganda, Xorazm «O‘zbek davlatchiligining ilk tamal toshi qo‘yilgan muqaddas zamin!». Insoniyat tamadduni o‘choqlaridan hisoblanmish bu ko‘hna yurtdan ne-ne buyuk allomalar, qomuschi olimlar, ahli donishlar, avliyo-anbiyolar yetishib chiqgan.

  • xorazm.uz

    Istiqlol tufayli yurtimizdagi qadim shaharlar va qal’alar, madaniyat o‘choqlarini ko‘rish, ziyorat qilish uchun yetti iqlimdan kelayotgan sayyohlarning soni yildan-yilga oshmoqda. Jahon bizning mo‘tabar yurtimizni ko‘rishga orzumand!

  • xorazm.uz

    2017-2018 yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturi amaliyotga allaqachon tatbiq qilinayotgan ulkan qurilishu ta‘mirlash, eng zamonaviy asbob-uskunalar keltirish, kerakli mutaxassislarni o‘qitish, o‘rgatish jarayoni jadal yo‘lga qo‘yildi.

  • xorazm.uz

    Xalqimiz dasturxonining fayziyobligi, bozorlarimizning to‘kinligiyu oziq-ovqat mahsulotlarining serobligi, arzonligi, bir so‘z bilan aytganda yurtimiz farovonligi bobodehqonlarimizning mehnati mahsulidir. Xorazm voxasi qishloq xo‘jaligi soxasida xam yetakchilardan hisoblanadi.

Fotoalbom

» Barcha fotoalbomlar

Videoteka

» Barcha video fayllar

Tarix

Хоразм: Кеча ва бугун
Хоразм ўзининг қадим тарихи, бой маданиятига эга бўлган Ўзбекистондаги эътиборга молик ҳудудлардан биридир. Инсониятнинг илк ёзма ёдгорликларидан бири ҳисобланган зардуштийликнинг муқаддас китоби “Авесто” шу диёрда яратилган. Бундан уч минг йиллар илгари ҳам Хоразмнинг ўз ёзуви мавжуд эди. Батафсил...


Хоразм ҳақида битиклардаги илк ёзувлар. ДОРО I нинг Беҳсутун битиги
(ерамиздан аввалги 521-486 йиллар)

Ушбу битик Карманшоҳ яқинидаги денгиз сатҳидан 152 метр юқорироқда бўлган Беҳсутун қоясига ўйиб ёзилган. Битикнинг юқорисида улкан барелеф мавжуд. Унда тўққиз нафар шоҳ ва уруғларнинг бошлиқлари қўллари боғланган ва бўйинларига сиртмоқ солинган ҳолда Доронинг олдида тургани тасвирланган. Уларнинг ўнинчисининг устига шоҳ оёғини қўйиб турибди. Битик беш устун ва 414 сатрдан иборат. У уч тилда битилган (елам, бобил ва эски форс тилларида). Батафсил...



GUJUM SOYАSIDAGI GURUNGLAR
30.08.2016

GUJUM SOYАSIDAGI GURUNGLAR

A-320 aerobusimiz Urganch aeroportiga qo‘nishga hozirlanayotganda ko‘hna Jayxun va uning Xorazm vohasi uzra taralib ketgan irmoqlari ko‘z o‘ngimizda yarqirab bor go‘zalligi bilan namoyon bo‘ldi. Toshsoqayu Polvonyopdan Shovot kanaliga qadar o‘nlab yirik obihayot arteriyalari ulkan gujumning bahaybat shoxlaridek ona zamin bag‘riga taralib ketgan. Insonni tug‘ilib o‘sgan tuprog‘ida daraxtlardek ildiz otib, hayot nash’u namosini surib yashashiga mana shu suv yo‘llari yaratgan tiriklik va farovonlik asos-zamin bo‘lsa, osmon beg‘ubor, yurting tinch va osoyishta, boshing uzra ozod Vatan oftobi nur sochayotgani ko‘ngil obodligi, g‘urur va iftixoring butunligidan dalolatdir.

Qiyofasi er bilan osmon qadar o‘zgarib ketgan yangi Urganchning zamonaviy bino va saroylari, ko‘rkam bog‘lari, favvoralar chiroy bergan o‘ziga xos me’moriy uslubdagi shohko‘chalari, gujumlar soya solgan qishloq yo‘llaridan o‘tib borarkanmiz, beixtiyor shu haqda o‘ylar edik. Yangiarik tuman markaziga kelganimizda, eng avvalo, ikki narsa e’tiborni tortdi: birinchisi, aylana chorraha bo‘yidagi qo‘sh qavatli mebel korxonasi va uning yonidagi "Kitob olami” binosi bo‘lsa, ikkinchisi, katta ko‘chalar yonidagi qurilish va binokorlik ashyolari bilan savdo qiluvchi do‘konlarning gavjumligi.

Ilgari tumanlarda bunday manzaraga ko‘zimiz tushmasdi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan qishloq ahli uchun zamonaviy loyihadagi yangi uy-joylar barcha sharoitlari, mahalla guzarlari bilan yaxlit holda qurib berilayotgani odamlarning o‘z hayot tarziga, yashayotgan uy-joyiga bo‘lgan munosabatini ham tubdan o‘zgartirib yuboribdi. Kimdir uyini ta’mirlagan, kimdir tomini ochib qaytadan yopgan, kimdir darvozaxonasini qo‘shqavatli qilib qurgan, yana kimdir eski uyini buzib yangi qurilish boshlagan... Ko‘p yillar "bizga bo‘laveradi” degan eskicha aqidada yashagan odamlarning hayot tarzi va dunyoqarashida o‘zgarish katta. Yangicha fikrlash tufayli olis qshloqlarga ham zamonaviy qurilish jabhasi kirib bormoqda. Shunday bo‘lgach, binokorlik jihozlariga ehtiyoj oshadi-da: do‘konlarda tsement, ohak, turli xil eshik va rom, laminatu gulqog‘oz, bir necha turdagi bo‘yoqlar, ko‘chalar chekkasida uyum-uyum shag‘al...

Ayniqsa, "Navoiy — Uchquduq — Miskin — Nukus” temir yo‘li ishga tushirilib, Amudaryoning Hazorasp tumanidan oqib o‘tuvchi qismida poezdlar va avtomobillar uchun ulkan ko‘prik qurilgach, Xorazm vohasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga binokorlik ashyolari keltirish miqyosi bir necha barobar oshibdi. Endi o‘ng sohildagi Qoratov konidan qurilishlar uchun tosh-shag‘al tashib keltirish xarajati qisqargan, poydevorbop tosh-shag‘alning ko‘pligi shundan...

Ostona qishlogidagi 4-umumta’lim maktabining gujumlar quyuq soya solgan bog‘ hovlisida mustaqilligimizning 25 yilligi munosabati bilan respublika ma’naviyat targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirokida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida "Qorako‘z” mahallasi oqsoqoli Qutlimurod ota Solaev shu haqda gapirib, "Tinch-osoyishta elga to‘ylar yarashadi, — dedi. — Sadag‘ang ketay, mustaqilligimizning qadami qutlug‘ keldi, barcha ishimizda baraka bor! Har kuni yurtimizda to‘y, bayram, sayillar. Bolalarimiz askarlik xizmatiga oy borib omon qaytayapti, chet ellarda zqiyapti. Yurtboshimiz farmoni bilan qishloq ahliga berilgan qo‘1shimcha tomorqadan odamlar yaxshigina daromad olib, uyini sozlayapti, qo‘sha-qo‘sha mashina minyapti. Ikki yil avval qishlog‘imizda zamonaviy vrachlik punkti qurildi, unga yangi tibbiy uskunalar olib kelindi. Tadbirkorlik rivoj topmoqda. Yaratganga shukr, harakat qilgan borki, mehnatiga yarasha rohat ko‘ryapti. Mana qarang, g‘alla o‘rimidan so‘ng, o‘rniga ekkan sholimiz ham boshoqlab qoldi. Nasib etsa, bu yil ham moshu guruch mo‘l bo‘ladi. Bunday osoyishta hayot, farovonlik uchun yashagan sari yashaging, barcha yaxshi kunlarning guvohi bo‘lging keladi. Farzandu nabiralaring sen ko‘rmagan kunlarni ko‘rib, sen yashamagan uylarda yashayotgani, elu yurtda obro‘-e’tibor topayotgani, Vatanga xizmat qilib martabasi oshayotganidan quvonmay bo‘ladi-mi?”.

Qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Ollobergan Nazarov "Mahalla” fondi tomonidan kichik biznes va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholiga, ayniqsa, kollejlarni bitirib chiqqan yosh tadbirkorlarga zarur shart-sharoit yaratib berilayotgani, obodonchilik va yangi ish urinlari ochishda ularning ulushi katta bo‘layotgani haqida so‘zladi. Olloberganning o‘zi afg‘on urushi qatnashchisi ekan. "Biz kambag‘al oiladan bo‘lganmiz. Sho‘rolar hech kimning arz-dodini eshitishni xohlamagan, qoidaga zid bo‘lsa ham ikki aka-ukani bir yo‘la jahannam qa’riga yuborishgan. Ollohning inoyati ekan, sog‘-omon keldik. O‘shanda bu urushdan qishlog‘iga temir tobutda qaytganlar ham yo‘q emasdi. Bugungi tinch va farovon hayotimizga ko‘z tegmasin. Yoshlarga shu kunlarning qadriga etishni, mustaqilligimiz mohiyatini idrok etib yashashni uqtiramiz”, dedi.

Biror hunarni astoydil egallagan o‘quvli, tadbirkor inson borki, istiqlol zamonida kasbu koridan baxtini topayotir. Qishloqlarda turmush madaniyati yuksalib, bunyodkorlik avj olishida ham ularning ulushi katta. Bunga har qadamda guvoh bo‘lasiz. Yangiariqdagi mebel korxonasi va ko‘rkam kitob do‘konini ko‘rib, ko‘zimiz quvnaganini aytgandik. Tuman hayoti bilan tanishish jarayonida bu ishlar qo‘li gul usta Yo‘ldosh Ro‘zmetovning himmati ekanidan voqif bo‘ldik. Aytishlaricha, yigirma yil avval rafiqasi Jumagul o‘g‘il tuqqanda Yo‘ldoshboy yaxshi niyat bilan farzandiga Dovruq deb ism qo‘yibdi. Va o‘sha yili asos solingan xususiy korxonasini ham uning nomi bilan "Dovruq” deb atagan ekan. Buni qarangki, Yo‘ldosh Ro‘zmetovning yaxshi niyatlari o‘ziga yo‘ldosh bo‘lib, xususiy firmasi bugun oltmish ikki turdagi shinam mebellar ishlab chikaradigan yirik korxonaga aylanibdi. Bu mebellar eng nozik didli xaridorga ham manzur bo‘layotir. Ularning dizayni, qulayligi, bahosi talab va ehtiyojga mos. Boisi, Yo‘ldosh tadbirkor ko‘p izlanadi, korxonani eng zamonaviy mebelsozlik texnikasi bilan jihozlab, dizayn sohasidagi yangi uslublarni tez joriy etish orqali davrdan orqada qolmaslikka harakat qiladi. Yangiariq tumani markazida shu yil "Navruz” bayrami arafasida ochilgan navbatdagi "Kitob olami” do‘koni korxonaning shunday yonginasida joylashgani bejiz emas. Bir yarim ming nomdagi turli kitoblar ko‘zga issiq ko‘rinayotgan do‘konning chiroyli javonlari "Dovruq” firmasi ustapari tomonidan ishlab chiqarilgan. Yosh hunarmand ustalar qo‘lidan chiqayotgan bejirim mebellarni tomosha qilarkanmiz, tadbirkordan hayotiy qiziqishlari, oilasi, farzandlari haqida ham so‘radik.
— Yaqinda zamonaviy loyihada qurilgan namunali uylarga ko‘chib o‘tdik, — deydi u.
— Turmush o‘rtog‘im va farzandlarimning quvonchi cheksiz. Axir uymisan, uy-da! Yangi uyni korxonamiz mebellari bilan jihozladik. Qo‘ni-qo‘shnilar kelib ko‘rishib, havas qilishyapti. Shu xildagi mehmonxona va oshxona jihozlariga, stol, stul, shkaflarga buyurtma berishyapti...

Bugun qutlug‘ 25 yilligi nishonlanayotgan mustaqillik xalqimiz uchun yaratgan buyuk ne’matlar shukronasini mana shu birgina oilaning to‘kis baxtida, farzandlari iqbolida yaqqol ko‘rib, his etib turardik. Yo‘ldosh tadbirkor hayotidan mamnun. Hunarni e’zozlab kam bo‘lmagani, imtiyozli bank kreditlari orqali ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirayotgani, el- yurt obodligida hissasi borligidan xursand. U Yurtboshimizning farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lib yashashi shart, degan purhikmat so‘zini hayotining mazmuni, e’tiqodiga aylantirgan. Bugun Toshkentdagi Singapur menejment universitetida ingliz tilida saboq olayotgan o‘g‘li Dovruqbek o‘qishini bitirgach, "Dovruq” firmasining shuhratini Xorazmdan tashqariga ham yoyishi, shubhasiz. Axir dunyo andozalariga muvofiq ilm egallash ilg‘or dunyo bilan bo‘ylashib, bellashib yashashga qanot bo‘ladi-da!

***

"Bog‘ot” so‘zi ziroatchilik haddi a’losiga etgan, mirishkor bog‘bonlar istiqomat qiladigan manzilni anglatadi. Tumanning shu nom bilan atalishi ham bejiz emas. Hazorasp tomon yo‘lga chiqib, Xonqa hududidan endigina o‘tgandik hamki, dala chetidagi ishkomlarda saraton quyoshida oltindek tovlanayotgan uzum boshlari diqqatimizni tortdi. Shu joyda dehqonchilik qilayotgan fermerlar shig‘il hosil tukkan zanglarni xomtok qilib, uzum boshlarini bor bisoti bilan ko‘z-ko‘z qilib qo‘ygan ekan. Buni ko‘rib, hamrohimiz — viloyat ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari Qudrat Sharipov bir yil avval bo‘lgan qiziq voqeani so‘zlab berdi. Uning aytishicha, tuman sohibkorlari uzumni keyingi yilning may oyiga qadar ham sarxil holda saqlashning xalqona usulidan foydalanib, xorijlik mehmonlarni qoyil qoldirayotgan ekan. O‘tgan yil bahorida Gollandiyadan kelgan bir mutaxassis Bog‘otning shunday uzumlaridan tatib ko‘rib, "Dunyoning biron joyida bunaqa bebaho uzumni ko‘rgan emasman. Bu chinakam mo‘’jizaning o‘zi! Shu uzumdan atigi bir boshni rafiqamga ko‘rsatish uchun Gollandiyaga olib ketsam, aytinglar, uning narxi necha dollar, hoziroq to‘layman”, deb turib olibdi. Unga: "Yo‘q bizda mehmondan pul olinmaydi. Sizga bir emas, uch-to‘rt bosh sara uzum sovg‘a qilamiz. Iltimos, pul haqida gapirmang”, deyishibdi. Xorijlik esa, "Agar pulini olmasanglar, sovg‘ani qabul qilolmayman. Mehmonning izzati uchun shu udumingizni bir marta buzsanglar nima qiladi?” dermish. Xullas, uzumni ko‘klamu yozga qadar sarxilligicha saqlashning uddasidan chiqqan bog‘otliklar mehmonni sovg‘a olishga ham bir amallab ko‘ndirgan ekan...

Hazil-mutoyibaga jon kiritib, "Lazgi”ga raqs tushishni ham qoyillatadigan Kudrat Sharipovning bu hangomasini tinglar ekanman, shu yil yozda poytaxtimizda birinchi marta o‘tkazilgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi barcha xorijlik ishtirokchilarni qoyil qoldirgani haqida o‘yladim. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan bu anjuman yurtimizning ertangi istiqboliga yana bir oydin ko‘zgu tutgani, shubhasiz. Ha, jahon o‘zbek dehqonining qaynoq mehri bilan pishibetiladigan meva-sabzavotlarning asl ta’mini tatib ko‘rsin, jannat qaerda va qanday mehnat va mahorat bilan yaratilajagini ko‘rib qo‘ysin!

Mustabid tuzum faqat paxta ekkin, deb qaramlik, mutelikdan boshqa narsani bizga ravo ko‘rmagan. Mustaqillik esa, xalqimizning beqiyos iste’dodini — zamonaviy sanoat sohalarini puxta egallab uchqur mashinalar yaratayotgan mohir muhandis, go‘zal shahar va qishloqlar qurayotgan bunyodkor me’mor, ayni chog‘da, butun jahonni tansiq ne’matlar bilan siylashga qodir mirishkoru sohibkorligini, ziroatchilikni san’at darajasiga ko‘targan asl bobodehqon ekanini ham namoyon etayotir.

***

Bog‘otning Qulonqorabog‘ qishlog‘i hamda Xonqadagi madaniyat va aholi dam olish markazlari, Yangiariq va Pitnak musiqa va san’at maktablari, Mirishkor kishlog‘idagi kasb-hunar kolleji, Xonqa tumani maishiy xizmat va axborot texnologiyalari hamda pedagogika va sport kollejlari, Yangiariqning Qarmish qishlog‘idagi 24-maktabda ijodkorlar, olimlar, yosh san’atkorlardan iborat ma’naviyat targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan mustaqillik shukronasi ruhidagi qizg‘in uchrashuvlar ko‘ngilga yorug‘lik sochuvchi shunday muloqotlarga boy bo‘ldi. Bu muloqotlarning aksariyati qishloq joylarida yangidan qurilgan madaniyat va aholi dam olish markazlarida o‘tgani quvonchimizga-quvonch qo‘shdi. Ularga odamlar xuddi teatrga borgandagidek yasanib, ayollar "go‘zallik salon”larida o‘ziga oro berib, bolalarini qo‘g‘irchoqdek yasantirib olib kelishayotgani, san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlariga hamma bir bo‘lib raqsga tushayotganini ko‘rganda, beixtiyor, mustaqillik xalqimizning qaddi-kamolini ham, ruhiyatini ham osmon qadar yuksakka ko‘targanidan iftixor qildik.

Murod ABDULLAEV,
 "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi muxbiri