ISTE’DOD, MAHORAT, IZLANISH BILAN
01.07.2015
Yurtimizda 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni keng nishonlandi.
Viloyatimiz matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarining kasb bayramlarini jurnalistikaning turli janrlarida tayyorlagan ta’sirchan, tahliliy, o‘qishli maqolalari, teleko‘rsatuvlari va radioeshittirishlari bilan kutib oldilar.
Ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy soxalaridagi islohotlar, keng miqyosda davom etayotgan bunyodkorliklar, shahar va qishloqlarda qad rostlayotgan zamonaviy uslubdagi turarjoylar, savdo, maishiy xizmat shoxobchalari, dam olish maskanlari, sport majmualari faoliyati kabi qalblarga quvonch bag‘ishlovchi yaratuvchilik ishlari tezkorlik va izchillik bilan yoritilmoqda.
Bugungi kunda tahririyatlarda faoliyat yuritayotgan tajribali ustozlar bilan yonma-yon yosh jurnalistlar ulardan kasb sirlarini mukammal o‘rganishga, tayyorlayotgan materiallari mushtariyga, teletomoshabin va radiotinglovchiga manzur bo‘lishi uchun astoydil xarakat qilmoqdalar.
Prezidentimizning “Keksalarni e’zozlash yili Davlat dasturi to‘g‘risidagi Qarori ijrosini ta’minlash kundalik faoliyat asosini tashkil etmoqda.
27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlab viloyat markazidagi “Xorazm-palas” majmuasida o‘tkazilgan bayram tadbirida jurnalistlarning keng qirrali sharafli mehnati, mahorati, iste’dodi alohida e’tirof etildi.
Tadbirda viloyat, respublika ommaviy axborot vositalarining vakillari, turli kasb egalari, faxriy jurnalistlar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok qildilar.
Viloyat xokimi P.Bobojonov tadbirda ishtirok etib, barchani 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan qutladi.
Istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida milliy ommaviy axborot vositalari har tomonlama takomillashib, jurnalist kadrlarning mahorati, malakasi oshib, tahririyatlar eng zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlanib, moddiy-ma’naviy tomondan doimo qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ommaviy axborot vositalari, matbaa korxonalarining moddiy-texnik ahvoli mustahkamlanmoqda.
Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir o‘nga yaqin qabul qilingan Qonun hujjatlari OAVlarning axborot olish va uni tarqatishga oid huquqlari, jurnalistlarning professional faoliyatini kafolatlash xamda muhofaza qilish kabi dolzarb masalalarda mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Jurnalistlar o‘zlari uchun yaratilgan imkoniyatlardan faoliyatlari jarayonida samarali foydalanmoqda.
Xorazmlik jurnalistlar viloyat, respublika miqyosida o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlarda ham faol ishtirok qilmoqdalar.
“Xiva tongi” gazetasi muharririning o‘rinbosari Otabek Ismoilov “Yilning eng faol jurnalisti – 2014” respublika tanlovining g‘olibi bo‘ldi. U bayram tadbirida so‘zga chiqib, dil so‘zlarini shunday izhor etdi:
- Men O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda ishtirok etganimdan yanada baxtiyorman. Prezidentimizning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan Tabrigini qunt bilan tinglar ekanman, biz jurnalistlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni yana bir bora his qildim. Biz bunday ehtiromga javoban yanada ijodiy izlanib, mahoratimizni oshirib boramiz.
Bayram tadbirida ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhiga viloyat hokimining Faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari topshirildi.
San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida tayyorlangan musiqali bayram dasturi davraga yanada fayz kiritdi.
“Xorazm haqiqati” 2015 yil 1 iyul №52 (19190)