QARDOSH XALQLARNING ABADIY DO‘STLIGI
06.07.2018
O‘zbek va turkman xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelgan. Xalqlarimizni yagona tarix, mushtarak madaniyat va qadriyatlar, o‘xshash til va urf-odatlar birlashtirib turadi. Bu yaqinlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikka asos bo‘lmoqda.
O‘zbek va turkman xalqlarini bir-biriga bog‘lab turadigan tarix, madaniyat va urf-odatlar xalqlarimizning umumiy mulkiga aylangan. Bu yaqinlik madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik rivojida mustahkam asos bo‘lmoqda.
Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan joriy yilning 23-24 aprel kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lgan edi. Tashrif doirasida savdo, iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm va boshqa soxalardagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator hujjatlar imzolangan edi.
Bugun Xorazm viloyatiga Turkmaniston Respublikasidan shoirlar, oliy o‘quv yurtlarning ilmiy xodimlari, kinemotograflar, madaniy markazlar, OAV hodimlari, muzey va boshqa tashkilotlarning vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni Xorazm viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari S.Salayev va Shovot tumani hokimi X.Yusupovlar Shovot tumanida kutib olishdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida delegatsiya a’zolari Urganch tumanidagi “O‘zbek-Turkman” do‘stlik uyi va “Ulli hovli” yodgorlik majmuasida hamda Urganch shahridagi “Yoshlar markazi”da bo‘ldilar.
- “Ulli hovli” yodgorlik majmuasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, binoning asl tarixiy holatini saqlab qolingan. 20 o‘rinli mehmonxona, turkman o‘tovlari, otxonalar, xullas, sayyohlik va ziyorat turizmi uchun barcha sharoit yaratilgan ekan, - deydi Turkmaniston qaxramoni Go‘zal Shoquliyeva. O‘ylaymanki, hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish jarayonida bizning do‘stlik-hamkorlik aloqalarimiz yanada mustahkamlanadi.
Ertaga mehmonlarning Xiva shahriga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.