“Umid nihollari – 2018”: yoshlik va sport bayrami G‘OLIBLAR TAQDIRLANDI
23.05.2018
Yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, xususan, ularni sportga keng jalb qilgan holda jismoniy va ma’naviy barkamollikka etaklash masalalariga alohida e’tibor berilyapti. Yurtimizda muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada sport musobaqalari ayni shu ezgu maqsadlarga qaratilgan.
Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida “Umid nihollari – 2018” sport musobaqalarining final bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Sport majmuasi bayramona bezatilgan, chor-atrofga sportga oid shiorlar, chaqiriqlar bitilgan pannolar o‘rnatilgan. Majmua bo‘ylab yangragan qo‘shiq sadolari ostida maydonga har bir tuman va shahardan yosh sportchilar kirib keladi. Barcha sportchilarning ko‘ksida sport musobaqalarining medallari, nishonlari...
Tadbirni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi F.Ermanov kirish so‘zi bilan ochib, yosh sportchilarni erishgan muvaffaqiyatlari bilan qizg‘in qutladi. “Umid nihollari – 2018” sport musobaqalarining final bosqichida birinchi o‘rinni egaplagan Urganch shahar jamoasiga “Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomashinasi kalitini tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, O‘zbekistan Respublikasi xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari K.Bekturdiev musobaqada ikkinchi o‘rinni egallagan Shovot tumani jamoasiga kubok, diplom va kompyuter jamlanmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi M.Masharipov bellashuvlarda uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan Xiva tumani jamoasiga qimmatbaho sovg‘alar - kubok, diplom va televizorni taqdim etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojpantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash hamda o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniya¬tini rivojlantirish maqsadida viloyat, tuman va shaharlar kesimida o‘tkazilgan “Eng kitobxon maktab” loyixasining yakuniy natijasiga ko‘ra g‘olib bo‘lgan umumta’lim maktablari jamoalarini taqdirlash maro¬simi ham bo‘lib o‘tdi.
Tantana tashkilotchisi, “Urganch kitob markazi” ma’naviy-ma’rifiy savdo maj¬muasi muassisi Sh.Oxunjonov so‘zga chiqib, o‘tkazilgan tadbir umumta’lim muassasalarida faol kitobxonlar safini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etganligini ta’kidladi.
“Eng kitobxon maktab” tanlovining yakuniy bosqichida g‘olib bo‘lgan umumta’lim maktablari rahbarlariga sertifikatlar topshirildi.
Tanikli san’atkorlar, “Nihol” mukofoti sovrindorlari, viloyat xavaskorlik dastalari ishtirokchilari ijrosidagi kontsert dasturi tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
O‘z muxbirimiz.
“Xorazm xaqiqati” va “Xorezmskaya pravda”
gazetalari 2018 yil 23 may, №41 (19491) chorshanba