Urganch xalqaro aeroportida “Yashil”va “Qizil” yo‘laklar tizimi ishga tushurildi.
03.01.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasini yanada
rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” 2017 yil 7 fevraldagi
PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan "2017-2021 yillarda O‘zbekiston
Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar
strategiyasi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil
11 oktyabr kuni "O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tkazish
punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash
haqida"gi qarori qabul qilindi.
Qaror ijrosi doirasida "Urganch” xalqaro aeroportida 2018 yil
1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni
tark etish bo‘yicha "yashil” va "qizil” yo‘lak tizimini amaliyotga tatbiq
etildi. 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab esa, O‘zbekiston Respublikasi bojxona
chegarasi orqali avtomobil va temir yo‘l o‘tkazish punktlarida kuchga kiradi.
Joriy qilingan qulayliklar fuqarolarni bojxona rasmiylashtiruvidan
o‘tkazish sharoitlarini jahon standartlariga muvofiqligini ta’minlash, bojxona
rasmiyatchiligini soddalashtirish, nazoratning samarali usullarini qo‘llashga olib
keladi. Eng muhimi, respublikamizda turizmni rivojlantirish uchun yanada qulay
sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
Yashil yo‘lakdan jismoniy shaxslar notijorat
maqsadlardagi qo‘l yuki va kuzatib borilayotgan bagajdagi tovarlarini bojxona
chegarasidan yozma ravishda deklaratsiyalamasdan turib olib o‘tishlari mumkin.
Ya’ni, jismoniy shasxning "yashil” yo‘lakdan o‘tishi bojxona
maqsadlari uchun bojxona organiga mazkur shaxsning yozma deklaratsiyalanadigan tovar
va belgilangan me’yordan ortiq naqd valyutalari yo‘qligini ma’lum qilish sifatida
qaraladi. Bu esa jismoniy shaxsni bojxona qonunchiligi talablariga rioya etish
majburiyatidan ozod etmaydi.
Qizil yo‘lakdan jismoniy shaxslar qo‘l yuki va kuzatib
borilayotgan bagajdagi tovarlarni, shuningdek deklaratsiyalanishi jismoniy shaxsning
ixtiyoriga ko‘ra amalga oshiriladigan tovarlarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida
yozma ravishda ma’lum qilib, o‘tishadi. Bojxona organlari "qizil” yo‘lakda bojxona
nazoratining tegishli shakllarini qo‘llashadi.
Agar jismoniy shaxslar ishlab chiqarish yoki tijorat
maqsadlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tayotgan
bo‘lsa, ushbu tovarlarga nisbatan ham bojxona rasmiylashtiruvining qonun
hujjatlarida belgilangan umumiy qoidalari qo‘llaniladi.
Shuni mamnuniyat bilan aytish mumkinki, yo‘lovchilarning yaratilgan tizimga munosabati
juda yaxshi bo‘lmoqda.
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi
OAV bilan aloqalar guruhi katta inspektori
Ikrom Matniyozov