XO‘JANIYOZOVA SHAKARJON YUSUPOVNA
28.10.2017
Xorazm viloyati jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi. Bevaqt
o‘lim ajoyib inson, mohir tashkilotchi, iqtidorli rahbar, mehribon ona Xo‘janiyozova
Shakarjon Yusupovnani 63 yoshida oramizdan olib ketdi.
Shakarjon
Xo‘janiyozova 1955 yilda Bog‘ot tumanida dunyoga keldi. Uning otasi Yusufboy
Xo‘janiyozov o‘z sohasining yetuk mutahassisi, el orasida katta obro‘ va e’tibor
qozongan mohir shifokor, ziyoli, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan inson edi. Otasidan
ushbu insoniy fazilatlarni meros qilib olgan yosh Shakarjon Xo‘janiyozova ham o‘zining
tirishqoqligi, harakatchanligi, o‘z
oldiga katta maqsadlar qo‘ya bilishi va unga erishish yo‘lida o‘qish va o‘rganish, tinmay
izlanishdan charchamasligi bois 1977 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini
mexanizatsiyalash institutini muvaffaqiyatli yakunlab, muhandis – mexanik
mutaxassisligiga ega bo‘ldi.
Ish
faoliyatini 1977 yilda Bog‘ot tumanidagi Narimanov nomli jamoa xo‘jaligida hisobchi
vazifasida boshladi. Ishga jiddiy munosabati, har qanday topshiriqqa o‘ta mas’uliyat
bilan yondoshishi tufayli boshlovchi
mutahassis tezda tuman
rahbariyatining nazariga tushdi. 1978 yilda shu tumandagi 101-son hunar – texnika
bilim yurti direktori o‘rinbosarligiga tayinlandi. Keyinroq shu bilim yurtida
direktor, 1983 yilda Narimanov nomli jamoa xo‘jaligi boshqaruvi raisi o‘rinbosari,
1988-1992 yillarda Xalq deputatlari Bog‘ot tumani ijroya qo‘mitasi raisi, Bog‘ot
tumani partiya qo‘mitasi birinchi kotibi, Xalq deputatlari Bog‘ot tumani Kengashining
raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.
Shakarjon
Xo‘janiyozova qayerda ishlamasin, qanday
vazifa ishonib topshirilmasin uni sidqidildan, fidoyilik bilan ado etdi. Ish
faoliyati davomida Shakarjon Xo‘janiyozovada har qanday jamoaning og‘zibirligini
ta’minlab, tezda kishilar bilan ellashib
keta olish kabi rahbar uchun nihoyatda muhim fazilatlari shakllandi, ko‘zga
ko‘rindi.
Shakarjon
Xo‘janiyozovaning butun rahbarlik salohiyati, ertani aniq ko‘ra bilishi, murakkab
paytlarda ham eng to‘g‘ri yo‘lni tanlay bilishi va manzil sari og‘ishmay, sabr toqat,
matonat bilan harakat qilishdek qobiliyatlari Bog‘ot tumani hokimi bo‘lib ishlagan
1992-2000 yillarda, ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu yillar mustaqillikka endi
erishgan yosh O‘zbekiston davlati uchun
siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy – ma’rifiy sohalarni mustahkamlash uchun bir tan, bir jon bo‘lib
mehnat qilish lozim bo‘lgan yillar edi.
Shunday
og‘ir sharoitlarda Shakarjon Xo‘janiyozova
bosh bo‘lgan Bog‘ot tumani mehnatkashlari
mamlakat iqtisodini mustahkamlash, oziq – ovqat va don mustaqilligini
ta’minlash, bozor munosabatlariga o‘tish davrida aholining kam ta’minlangan,
ijtimoiy nochor qatlamlarini ishonchli va mustahkam himoya qilish kabi davlat
siyosatini izchillik bilan hayotga tadbiq qilishda umum o‘zining ishga munosib
hissalarini qo‘shdilar.
Shakarjon
Xo‘janiyozova O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni
haqli ravishda o‘z ustozi deb bilar va Islom Karimovday o‘zbek xalqining buyuk
farzandi, ulkan davlat arbobining nazariga tushgan, mehrini qozongan edi.
Islom
Karimov, Iskandar Do‘sov, Marks Jumaniyozov, G‘ayrat Masharipov kabi ustozlaridan
ta’lim va tarbiya olgan Shakarjon Xo‘janiyozova 2000 yildan e’tiboran viloyat
hokimligining rahbarlaridan biri sifatida
faoliyat ko‘rsata boshladi. O‘tgan davrda Xorazm viloyati xotin – qizlar
qo‘mitasining raisi, Xorazm viloyati hokimining oila, onalik va bolalikni
ijtimoiy muhofaza qilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Xorazm viloyati hokimining
tashkiliy, iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi
o‘rinbosari, Xorazm viloyati hokimining ma’muriy masalalar, huquqni muhofaza
qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini – o‘zi boshqarish organlari va
yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, viloyat hokimining yoshlar siyosati,
ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy – ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari
lavozimlarida ishladi.
O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi sifatida faoliyat olib bordi.
Ayniqsa,
keyingi paytlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi
va rahnamoligida amalga oshirilayotgan O‘zbekistonning siyosiy, ijtimoiy –
iqtisodiy hayotini chuqur isloh qilish va yangilash, hududlarning mutanosib
taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan keng miqyosli, ko‘lamdor islohotlarning mazmun – mohiyatini chuqur
anglab, ularni targ‘ib va hayotga tadbiq qilishda alohida o‘rnak va
faollik namunalarini ko‘rsatdi.
Shakarjon
Xo‘janiyozova qayerda, qaysi lavozimda ishlamasin oddiy va kamtarin, xushmuomala va
ziyoliy inson bo‘lib qolaverdi.
Xo‘janiyozova
Shakarjon Yusupovnaning xalq oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan yuqori baholangan. Shakarjon Xo‘janiyozova "Mehnat
shuhrati” va "Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
"O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi” faxriy
unvoniga sazovor bo‘lgan.
Elimizning
qadrli farzandi, ajoyib inson, yurt
ravnag‘i va turmush farovonligi uchun tolmas kurashchi Shakarjon Xo‘janiyozovaning
porloq xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi.
Ilgizar
Sabirov, Maqsud Sapaev, O‘ktam Masharipov,
Ergash Yusupov, Sayyora
Abdikarimova. Hamza Otaxonov,
Oltiboy Rajabov, Matkarim Jumaniyozov, Mansur
Masharipov.