YANGI URGANCH HAYRATLARI, SEVINCHLARI
11.12.2013
Bugun farzandlarim, nabiralarim, do‘stlarim bilan Urganch shahrining Al-Xorazmiy, A.Bahodirxon ko‘chalaridan borar ekanman, hayrat va havas, quvonch bilan atrofga boqaman.
Yangidan-yangi ko‘p qavatli turar joylar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari... Keyin bir pas shaharning bundan 50-60 yil oldingi holati ko‘z oldimga keladi.
Men shaharning "Ko‘hna qal’a" mahallasida tug‘ilib voyaga etganman. O‘sha yillar birgina mahalla va uning atrofida kichik-kichik do‘konlar va bitta madaniyat va istirohat bog‘i bor edi. Ko‘chalar qishda loy, bahorda yomg‘ir, yozda chang edi.
Bugun esa shaharda 37 mahalla bo‘lib, ularning har birida 4-6 ta to‘yxona, supermarket do‘konlari, hamma qulayliklar bor. Otaxon, onaxonlar bunday imkoniyatlar istiqlol sharofati deya, shu kunlarga etkazganiga shukronalar aytishadi.
Shu yilning bahoridan boshlab viloyatimizdagi barcha shaharlardan, tumanlardan mehnat faxriylarini bunyod bo‘layotgan yangi Urganchga sayohatlarini uyushtirdik. Ular markaziy ko‘chalar, bunyodkorliklar, "Yoshlik ko‘li" bog‘-majmualarida bo‘lib quvonchini, hayratini ko‘zlarida sevinch yoshlari bilan izohlashmoqda.
- Bu xayrli ishlar, tashabbuslar boshida turgan Prezidentimizga tashakkur. Bunday obod maskanlar, bunyodkorliklar bizni ham yoshlar tarbiyasi yo‘lida, mahallalar hayotida ko‘p yillik tajribamiz bilan ishtirok etishga da’vat etadi, - deydi shovotlik mehnat faxriysi Rahimboy ota Tohirov. Nuroniy otaxon, onaxonlar shahar, mahallalardagi ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
- Xudo xohlasa, Yoshlik ko‘chasida bunyod etilayotgan Sport shaharchasiga nabiralarim bilan kelaman, - deydi xivalik Zuhur ota Qurbonov.
Ha, xalqimiz qadimdan obodlikni, qurilish, yaratish ishlarini quvonch bilan kutib olishgan. Bugun 90 yoshli momo va bobolarimiz ham televizor orqali yurtimiz bo‘ylab olib borilayotgan qurilish, yangilanishlarni ko‘rib tasannolar aytishmoqda.
Prezidentimizning 2014 yilni - "Sog‘lom bola yili" deb e’lon qilganligini faxriylarimiz chin dildan ma’qullab, kutib oldilar. Chunki sog‘lom farzand butun oilaning, jamiyatimizning quvonchi, kelajagidir. Qariyalarimiz hozirdanoq mahallalarda farzandlarni olijanob fazilatlar, milliy an’analar ruhida tar- biyalash borasidagi ishlarini yanada kuchaytirmoqdalar. Dildan suhbatlar ota-onalar, farzandlarga ham maqbul bo‘lmoqda.
Bahodir BOBOJONOV,
viloyat "Nuroniy" jamg‘armasi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.