"YOSHLAR-KELAJAGIMIZ" DASTURI - AMALDA.
24.07.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi "Yoshlar - kelajagimiz" Davlat dasturi to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosi yuzasidan viloyatda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan, barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash, yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish, yosh tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi F.Ermanov qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi "Yoshlar kelajagimiz" Davlat dasturi to‘g‘risida"gi PF-5466-sonli Farmoni rahbarlik va ijro uchun qabul qilinganligi qarorda alohida qayd etiladi.
Endilikda yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, band bo‘lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish, shuningdek, umuman yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini ta’minlashga yanada e’tibor qaratiladi.
Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi, shuningdek, uning tuman va shahar filiallari tashkil etilib, uning mablag‘laridan Davlat dasturidagi tadbirlarni moliyalashtirish, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulk lizingga beriladi. Davlat dasturi doirasida olinadigan kreditlar bo‘yicha kredit hajmining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafilliklar berish, Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ularning qiymatining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik Jamg‘arma ulushini 5 yil davomida realizatsiya qilish, tegishli ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan yoshlar yashaydigan uy xo‘jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qora mol sotib olish, ularning qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda ko‘maklashish kabi amaliy ishlar olib boriladi.
Yoshlarning malaka oshirishi tashkil etiladi. Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi, shuningdek, ularga biznes yuritish ko‘nikmalari o‘rgatiladi. Davlat xususiy sheriklik shartlarida, yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda binolar ofis texnikasi va sarflash materiallari ijaraga beriladi. Yoshlarning biznes tashabbuslari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishga ko‘mak berish, jumladan, biznes-rejalar ishlab chiqish, maslahat, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlarini ko‘rsatish, forumlar, master-klasslar, seminarlar tashkil etish uchun "Yosh tadbirkorlar" kovorking-markazlari tashkil etiladi.
Viloyat, tumanlar va shaharlarda hokimlarning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari boshchiligida hamda ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limlari) boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tumanlar va shaharlar Kengashlari raislari, shuningdek, Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi bo‘limlari rahbarlaridan iborat yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish komissiyalari tashkil etildi.
Qarorda mazkur dastur ijrosini ta’minlashda shahar, tuman hokimlari, boshqarma, tashkilotlar rahbarlari oldida turgan vazifalar aniq ko‘rsatib berilgan.