YUKSAK E’ZOZ VA EHTIROM
09.05.2018
9 - MAY XOTIRA VA QADRLASH KUNI
Xorazm viloyatida ham umumxalq bayrami - 9 may – Xotira va qadrlash kuni yuksak saviyada, bugungi dorilomon kunlarga shukronalik bilan keng nishonlandi. O‘tganlar yana bir bor xotirlandi, o‘sha mudhish urush yillaridagi yo‘qotishlar, og‘ir azob-uqubatlar yana esga olindi.
Avvalo, mahalliy hokimliklar, mudofaa va ichki ishlar bo‘limlari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bilan birgalikda ushbu sanaga puxta hozirlik ko‘rildi. Bayrammunosabati bilan barcha xotira maydonlari, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ko‘cha va maydonlar Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan pannolar, ko‘rgazmali vositalar bilan bezatildi. Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xonadonlarida bo‘lib, oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.Shuningdek, korxona va tashkilotlarda, mahallalarda, o‘quv muassasalarida “Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas”, “Mardlik, burch va sadoqat” shiorlari ostida uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil qilindi.
Barcha joylarda bo‘lganidek, Xorazm viloyatida ham Prezidentimizning shu yil 16 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari 61 nafar urush qatnashchilari xonadonlarida bo‘lib, ularga Prezident tabrigi , qimmatbaho soat va 5 million so‘m pul mukofotini tantanali ravishda topshirdilar.
9 may kuniertalabdan Urganch shahridagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum bo‘ldi. Urush va mehnat faxriylari, mahalliy hokimliklar, ichki ishlar organlari,milliy gvardiya, harbiy qismlar va keng jamoatchilik vakillari Motamsaro ona haykali poyiga alvon gulchambarlar qo‘yib, jang maydonlarida qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan ota-bobolarimizning bukilmas irodasi, jasorati va matonatini yod etib,hurmat bajo keltirdilar.
Bayram tadbirlari Urganch shahrining so‘lim go‘shasida barpo etilgan “Jasorat” bog‘ining ochilish tantanalariga ulanib ketdi. Qadri baland nuroniylar bilan suhbat to‘kin bayram dasturxoni atrofida davom etdi. Xotira kitobiga nomlari manguga qayd etilgan mard va jasur yurt o‘g‘lonlarining nomlari, ularning jasoratlari tilga olindi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi F.Ermanov yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi. Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, urush yillarining qo‘shiq va kuylari, dasturxon tuzash va tegishli sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etildi. Urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan faxriylar bunday beqiyos g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimizga,xalqimizga minnatdorlik bildirdilar.
Odilbek Odamboev, “Xalq so‘zi” muxbiri